Onkologik kasalliklarni aniqlash va davolashda tashxisning aniqligi muhim ahamiyatga ega. Shu bois Respublika onkologiya markazi tizimida laborator tadqiqotlar imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Ayni vaqtda Respublika onkologiya markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridagi filiallarida immunogistokimyoviy tahlillar o‘tkazishni ta’minlandi. Shuningdek, Buxoro viloyati filialida qon tarkibidagi ishqor va kislotalar muvozanatini aniqlashga mo‘ljallangan “Analizator gazov i elektrolitov krovi” apparati uchun reaktivlar to‘plamlari xarid qilindi.
Ushbu maqsadlar uchun Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi 13,3 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratdi.
Mazkur mablag‘lar evaziga Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent Andijon, Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo hamda Navoiy viloyatlarida onkologik laboratoriya tashxis imkoniyatlari kengaytirildi.
Immunogistokimyoviy tahlillar tashxisning aniqligi va ishonchligini oshirish, bemorlarga o‘z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini kengaytiradi. Bu tahlillar uchun aholidan to‘lovlar undirilmasligi davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasidir.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan tibbiyot muassasalarini zamonaviy laborator uskunalar va reaktivlar bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.