O‘zbekistonda keyingi yillarda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mamlakatimiz ijtimoiy davlat sifatida belgilangani davlatning inson hayoti va salomatligi uchun mas’uliyatini yanada kuchaytirdi.
Aynan shu maqsadda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi bosqichma-bosqich joriy etilib, aholining tibbiy xizmatlardan teng va kafolatli foydalanishini ta’minlashning muhim mexanizmiga aylanmoqda.
Oddiy qilib aytganda, davlat tibbiy sug‘urtasi – bu davlat ajratayotgan mablag‘larni aniq bemor va ko‘rsatilgan tibbiy xizmat bilan bog‘laydigan moliyaviy mexanizmdir. Avval mablag‘ asosan tibbiyot muassasasining saqlash uchun ajratilgan bo‘lsa, yangi yondashuvda mablag‘ ko‘rsatilgan tibbiy xizmat uchun yo‘naltiriladi. Bu esa har bir budjet mablag‘ining manzilli sarflanishiga xizmat qiladi.
Natijada aholining tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari kengayadi. Tibbiyot muassasalari esa xizmat sifati uchun yanada mas’ul bo‘ladi. Eng muhimi — davlat mablag‘lari qayerga va qanday sarflanayotganini aniq ko‘rish imkoni paydo bo‘ladi.
So‘nggi yillarda qabul qilingan qator normativ-huquqiy hujjatlar davlat tibbiy sug‘urtasini ijtimoiy himoya tizimi bilan uzviy bog‘lab qo‘ydi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi PF–17-son «Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni ijtimoiy yordam va tibbiy xizmatlarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini belgilab berdi.
Unga muvofiq, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga ko‘rsatiladigan qator tibbiy xizmatlar xarajatlarini Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanishi nazarda tutildi. Ayniqsa, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimining aholi uchun eng muhim jihatlaridan biri – ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining kengayib borayotganidir. Bugungi kunda «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va boshqa ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolarning ayrim tibbiy xizmatlar bilan bog‘liq xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanmoqda.
Jumladan, yuqori texnologiyali va murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun zarur mablag‘larning davlat tomonidan moliyalashtirilishi insonning moddiy imkoniyati emas, balki uning tibbiy ehtiyoji ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi. Ya’ni insonning daromadi emas, balki uning tibbiy ehtiyoji asosiy mezon bo‘lib bormoqda.
Shu bilan birga, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan oilalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlar ham davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi bilan uyg‘un holda amalga oshirilmoqda. Bunda Prezidentimizning 2026 yil 17 fevraldagi “Muborak Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi va 2026 yil 21 maydagi “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Konstitutsiyada belgilangan ijtimoiy davlat tamoyilining mazmuni shundan iboratki, davlat fuqarolarning munosib hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi kerak. Salomatlik esa inson farovonligining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, davlat tibbiy sug‘urtasi:
– aholining tibbiy xizmatlardan teng foydalanishini ta’minlaydi;
– ehtiyojmand qatlamlarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlaydi;
– ijtimoiy adolat tamoyilini mustahkamlaydi;
– budjet mablag‘larining manzilli sarflanishini ta’minlaydi;
– tibbiy xizmatlar sifati oshishi uchun rag‘bat yaratadi;
– davlatning inson salomatligi uchun mas’uliyatini amaliy jihatdan ta’minlaydi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi bugungi kunda faqat tibbiyot sohasidagi moliyaviy islohot emas, balki aholini ijtimoiy himoya qilishning muhim vositasiga aylanib bormoqda.
Bu esa mamlakatda kuchli ijtimoiy himoya modelini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Albatta, har qanday tizim vaqt bilan takomillashib boradi. Lekin davlat tibbiy sug‘urtasining asosiy maqsadi o‘zgarmaydi — odamlarga zarur paytda tibbiy yordamni yanada yaqin va imkoniyatli qilish. Chunki, salomatlik — nafaqat shaxsiy masala, balki jamiyatning eng katta boyligidir.