Sirdaryo viloyatida yashovchi 98 yoshli Robiyaxon ona hayoti davomida 12 nafar farzandni dunyoga keltirib, voyaga yetkazdi. Yoshlik yillari dala yumushlarini bajardi, paxta terdi, bug‘doy yetishtirdi. Yillar davomida, farzandlari uchun tayanch bo‘lib kelgan onaxon bugun nevara-yu chevaralar e’zozida, keksalik gashtini surmoqda.
Ammo shu yilning qishida uning salomatligi kutilmaganda yomonlashdi. Farzandlari xavotir bilan shifokorlarga murojaat qildi. Tekshiruvlar davomida esa onaxonda xavfli o‘sma borligi aniqlandi.Onaxonning yoshini hisobga olganda, jarrohlik amaliyoti masalasi oson qaror emas edi. Yuz yoshga yaqinlashgan inson bunday murakkab operatsiyani ko‘tara oladimi? Bu savol nafaqat farzandlarini, balki shifokorlarni ham o‘ylantirdi.
Mutaxassislar onaxonni respublika ixtisoslashtirilgan markazlarga olib borishni taklif qilishdi. Ammo farzandlari maslahatlashib, operatsiyani o‘zlari ishongan malakali shifokorlarga topshirishga qaror qildi. Shunday qilib, Robiyaxon ona Guliston tuman tibbiyot muassasasiga yotqizildi. Kerakli tayyorgarlik ishlari olib borildi va tajribali shifokorlar tomonidan jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu hikoyadagi eng muhim jihatlardan biri — operatsiya va davolash bilan bog‘liq barcha xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplab berilganidir. Bu Robiyaxon ona oilasi uchun katta yengillik bo‘ldi. Chunki bunday murakkab davolash jarayoni odatda katta mablag‘ talab qiladi.
Ayni paytda Robiyaxon ona uyiga qaytgan va shifokorlar nazoratida sog‘ligini tiklamoqda. Farzandlari va yaqinlari esa ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun.Bugun Robiyaxon ona Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi orqali tibbiy yordam olgan eng keksa bemor sifatida ro‘yxatga olindi. Yana bir muhim jihat shundaki, bugun zarur tibbiy xizmatlar aholiga yaqin bo‘lgan tuman tibbiyot muassasalarida ko‘rsatila boshladi.Robiyaxon ona misolida ko‘rish mumkin: davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi fuqarolarni katta tibbiy xarajatlardan himoya qilish, sifatli tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish va eng muhimi inson hayotini asrashga xizmat qilmoqda.