Olmaota shahrida XVII Yevroosiyo farmatsevtika forumida Markaziy Osiyo hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar keng muhokama qilinmoqda.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi vakillari ham faol ishtirok etmoqda. Jamg‘arma vakillari davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish hamda reimbursatsiya mexanizmini bosqichma-bosqich shakllantirish bo‘yicha amaliy tajriba va natijalar bilan ishtirokchilarni tanishtirdi.
Jamg‘armaning xalqaro eksperti Marat Kaliyev o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarining joriy etilishi va aholini dori vositalari bilan ta’minlashdagi yangi yondashuvlar haqidagi atroflicha ma’lumot berdi.
Forum doirasida alohida e’tibor qaratilgan yo‘nalishlardan biri — elektron retsept tizimining joriy etilishi bo‘ldi. Mazkur tizim dorixona xizmatlarining samaradorligini oshirish va bemorlar uchun qulaylik yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonning davlat tibbiy sug‘urtasi modeli forum ishtirokchilari o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi. Forum doirasida jamg‘arma mutaxassislari xalqaro ekspertlar bilan tajriba almashish, hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or amaliyotlarni joriy etish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib bordi.