Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi (Jamg‘arma) orqali shifoxonalarga pul to‘lashning yangi va adolatli tizimi joriy etilmoqda. Bu tizimning asosiy maqsadi — mablag‘larni bemorning sog‘lig‘i uchun to‘g‘ri va manzilli sarflanishini ta’minlashdir.
Asosiy o‘zgarish nimada? Ilgari shifoxonalarga pul u yerdagi koykalar (o‘rin-joy) soniga qarab berilgan bo‘lsa, endi haqiqatda davolangan har bir bemor uchun alohida pul to‘lanadi. Bunda bemorga ko‘rsatilgan kafolatlangan hajmdagi tibbiy xizmatlar va berilgan dori vositalari to‘liq hisobga olinadi.
«Ko‘p bemor — ko‘p pul» deganimi?
Yo‘q. Tizim shunchaki «odam soni»ga emas, balki ishning sifati va murakkabligiga asoslangan.
Bu qanday ishlaydi?
Har bir kasallikning o‘z «qiyinlik darajasi» bor. Masalan, jarrohlikni amalga oshirish oddiy muolajadan ko‘ra ko‘proq mablag‘ talab qiladi va Jamg‘arma buni alohida koeffitsiyentlar asosida hisob-kitob qiladi va qoplab beradi.
Shifoxona «pul ishlash» uchun odamlarni shunchaki yotqizib qo‘ya olmaydi. Har bir bemor tasdiqlangan davolash standartlari va klinik protokollarga muvofiq davolanishi shart. Bunda davolangan har bir bemor haqidagi ma’lumot tibbiy axborot dasturiga kiritiladi. Ushbu ma’lumotlar asosida Jamg‘arma to‘lovlarni amalga oshiradi.
Shifoxonalar faoliyati to‘xtab qolmasligi uchun pul ikki bosqichda beriladi:
1. Oldindan to‘lov: Oy boshida kerakli mablag‘ning 85 foizi beriladi.
2. Yakuniy hisob: Qolgan mablag‘ haqiqiy davolangan bemorlar hisoboti tasdiqlangach, keyingi oyning 20-sanasigacha o‘tkaziladi.
Agarda shifoxona bemorlarni sifatli davolab, mablag‘larni tejab ishlatsa, qolgan pul Jamg‘armaga qaytarilmaydi. Uni shifokor va hamshiralarga mukofot puli sifatida berishi, shifoxonaga yangi uskunalar va dorilar sotib olishga sarflash mumkin.
Yangi tizim shifokorlarni yanada ma’suliyatli bo‘lishga, bemorni shunchaki «yotqizib qo‘yish» emas, balki uni sifatli davolashga va mablag‘larni bemor uchun ishlatishga undaydi.