Телефон доверия:
(+998 71) 241 02 39
Электронная почта:
info@tibbiysugurta.uz

Davlat tibbiy sug‘urtasi: aholi salomatligi yo‘lida yangi bosqich

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sug‘urtasi: aholi salomatligi yo‘lida yangi bosqich
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sug‘urtasi: aholi salomatligi yo‘lida yangi bosqich

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 sentyabrda qabul qilingan “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra joriy yil 1-aprelda Farg‘ona viloyatida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Ayni vaqtda tayyorgarlik jarayonlarini ko‘rish va amaliy tavsiyalar berish uchun xalqaro ekspertlar Andres Rannamen va Mircha Buga, jamg‘armaning Farg‘ona viloyati hududiy bo‘linmasiga tashrif buyurdi.

–Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida aholi badal puli to‘lamaydi, aksincha ularning salomatligi davlat hisobidan sug‘urtalanibdi, – deydi Xalqaro ekspert Andres Rannamen. –Bunda, davlat tibbiy yordam olish qoidalarini belgilab, tibbiy xizmatni bepulligini kafolatlaydi. Biz Quva va Farg‘ona tumanida bo‘lib jarayonlar bilan tanishdik. Ro‘yxatxonadan boshlab, mutaxassislar ko‘ruvi, laborator tahlillar, diagnostik tekshiruvlar, shifokor tavsiyasi asosida dori vositalariga retsept yozish bosqichigacha bo‘lgan barcha jarayon to‘liq raqamlashtirilgani tahsinga loyiq.

Farg‘ona viloyati misolida ushbu islohotlar amalda o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Viloyatdagi qator ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va xususiy klinikalar Jamg‘arma bilan shartnoma asosida hamkorlik qilmoqda. Ayniqsa, imtiyozli toifadagi bemorlar uchun yuqori texnologiyali, qimmatbaho operatsiyalarga sarflangan xarajatlarining davlat tomonidan qoplanishi ijtimoiy himoyaning yanada mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

Tizimning eng muhim jihatlaridan biri — raqamlashtirish jarayonlaridir. Bugungi kunda aholi birlamchi tibbiy muassasalarga biriktirilib, ularning tibbiy ma’lumotlari elektron bazada shakllantirilmoqda. Bu esa tashxis qo‘yish va davolash jarayonida aniqlik, tezkorlik va shaffoflikni ta’minlamoqda. Masofadan navbatga yozilish, elektron retseptlar va markazlashgan laboratoriya xizmatlari aholi uchun katta qulaylik yaratmoqda.
Quva tumani misolida bu o‘zgarishlar yanada yaqqol ko‘rinadi. Markaziy laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida tahlil turlari 5 tadan 37 tagacha kengaydi, bu esa tashxis aniqligini sezilarli darajada oshirdi. Shuningdek, oilaviy poliklinikalarda reimbursatsiya dasturi joriy qilinib, surunkali kasallikka chalingan bemorlar uchun bepul dori vositalarini olish imkoniyati yaratildi.

–Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi shifokorlar faoliyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda, –deydi Quva tuman 8-sonli oilaviy poliklinika mudiri Hasanboy Ahmadjonov. – Oilaviy shifokorlarning vakolatlari kengayib, ularning aholi salomatligi uchun mas’uliyati va nufuzi ortmoqda. Bu esa tibbiy xizmatlarning sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Albatta, mazkur tizimning samarali ishlashida aholining faol ishtiroki ham muhim ahamiyatga ega. Fuqarolar, eng avvalo, oilaviy shifokorga murojaat qilish, profilaktik ko‘riklardan o‘z vaqtida o‘tish va sog‘lom turmush tarziga rioya qilish orqali ushbu tizimning to‘liq ishtirokchisiga aylanadi.