Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida istiqomat qiluvchi Shermatov Xo‘roz bobo bugun ham hayotga shukronalik bilan qaraydigan, mehnatdan charchamaydigan insonlardan. Biz u kishini yo‘qlab borganimizda, bobo hovlisida bahorgi yumushlar bilan band edilar. Keksaligiga qaramay, yer bilan oshno bo‘lib, kundalik yumushlarini o‘zlari bajarayotgani insonni hayratga soladi. Hovlidagi daraxtlar parvarishi, yerga ishlov berish, mayda-chuyda yumushlar — bularning barchasini bobo o‘zlari amalga oshirayotganini ko‘rib, ularning hayotga bo‘lgan ishtiyoqi va g‘ayratini yanada yaqqol his qilish mumkin.
1929 yilda tug‘ilgan Xo‘roz ota uzoq va mazmunli hayot yo‘lini bosib o‘tgan. U kishi yoshlik yillaridanoq mehnatga bel bog‘lab, turli sohalarda faoliyat yuritgan. Suhbat davomida bobo o‘tgan yillar, qiyinchiliklar va yutuqlarga boy hayot yo‘li haqida iliq xotiralar bilan o‘rtoqlashdi. Ularning aytishicha, insonni hayotda baquvvat va bardam ushlab turadigan asosiy omil — mehnat, sabr va hayotga bo‘lgan muhabbatdir.
Keksa avlod vakillarining salomatligini asrash va ularga munosib tibbiy xizmat ko‘rsatish bugungi kunda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, imtiyozli toifaga kiruvchi fuqaro bo‘lgan Shermatov Xo‘roz boboga ham zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi. Tibbiyot mutaxassislari tomonidan unga jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, amaliyot muvaffaqiyatli yakunlandi.
E’tiborlisi, ushbu jarrohlik amaliyoti bilan bog‘liq barcha xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplab berildi. Bu esa yurtimizda aholining ayniqsa keksa avlod vakillarining salomatligini muhofaza qilish, ularga sifatli va o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasining amaliy ifodasidir.