Kanada dunyoda o‘zining adolatli va barqaror sog‘liqni saqlash tizimi bilan tanilgan mamlakatlardan biri. Bu yerda har bir fuqaro va doimiy rezident bepul tibbiy yordam olish huquqiga ega. Ushbu tizim Medicare nomi bilan tanilgan bo‘lib, davlat tomonidan moliyalashtiriladi va asosiy tibbiy xizmatlarni qamrab oladi. Keling, uning qanday ishlashini ko‘rib chiqamiz.
Tasavvur qiling, siz shifokorga murojaat qilishingiz, shifoxonaga yotishingiz yoki murakkab tahlillar topshirishingiz mumkin va buning narxi haqida o‘ylamaysiz. Kanadada aynan shunday ishlaydi.
Kanadada fuqarolar yoki doimiy rezidenti bo‘lgan shaxslar sug‘urta uchun pul to‘lamaydi. Ular avtomatik ravishda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimiga kiritiladi. Natijada shifokor ko‘rigi, statsionarda davolanish, operatsiyalar va turli diagnostik tekshiruvlar (rentgen, UZI, laboratoriya tahlillari) davlat hisobidan qoplanadi. Kanada fuqarolari bu xizmatlar uchun o‘z cho‘ntagidan pul to‘lamaydi.
Tizimning asosiy manbai — soliqlar. Ya’ni davlat aholiden yig‘ilgan soliq mablag‘larini qayta taqsimlab, barcha uchun teng imkoniyat yaratadi. Bu jihati bilan Kanada modeli O‘zbekistonda joriy etilayotgan davlat tibbiy sug‘urtasi tizimiga o‘xshaydi.
Davlat sug‘urtasi qaysi xizmatlarni qamrab oladi?
Shifoxonalarda 24 soatlik yordam — agar fuqaroga kasalxonada davolanish kerak bo‘lsa, bu mutlaqo bepul bo‘ladi.
Operatsiyalar va shoshilinch tibbiy yordam — jarrohlik amaliyoti yoki favqulodda tibbiy yordam zarur bo‘lganda, bemorlar davolanish xarajatidan xavotirlanmaydi.
Zamonaviy diagnostika — rentgen, UZI va turli laboratoriya tahlillari bepul o‘tkaziladi.
Shifokorlar maslahatlari — Kanada fuqarolari oilaviy shifokor (terapevt) yoki tor doiradagi mutaxassis (masalan, kardiolog, dermatolog)ga murojaat qilib, bepul yordam oladi.
Qaysi xizmatlar bepul qamrab olinmaydi?
Qayd etish kerakki, Kanadada ham to‘liq qoplanmaydigan tibbiy xizmatlar mavjud. Quyida to‘liq qoplanmaydigan sohalar:
Stomatologiya xizmatlari — shoshilinch holatlar (masalan, tish olish yoki jarrohlik amaliyoti) davlat tomonidan qoplanadi. Ammo tish davolash va tozalash pullik.
Oftalmologiya xizmatlari — ko‘rish tekshiruvlari va ko‘zoynaklar qoplanmaydi.
Psixologik xizmatlar — oilaviy shifokor bilan maslahat yoki kasalxonalardagi psixiatriya yordami qamrab olinadi. Uzoq muddatli psixoterapiya yoki xususiy mutaxassis xizmatlari odatda pullik bo‘ladi.
Shu sababli ham bu yo‘nalishlarda aholi yoki ish beruvchilar qo‘shimcha xususiy sug‘urta paketlarini xarid qilishadi.
Kanadaning Medicare tizimi o‘z fuqarolari va doimiy rezidentlariga ishonchli va qulay tibbiy yordamni ta’minlaydi. Ammo davlat resurslari chegaralangani uchun ayrim yo‘nalishlarda xususiy sektor bilan hamkorlik qilish talab etiladi. Eng asosiysi, bemorning hayoti uchun eng muhim xizmatlar — shifokor ko‘rigi, statsionar davolanish, shoshilinch yordam va operatsiyalar to‘liq davlat tomonidan kafolatlanadi. Bu esa bemorlarning eng muhim vaziyatlarda moliyaviy yukini yengillashtiradi.
Kanada tajribasidan O‘zbekiston uchun quyidagi xulosalarni olish mumkin: soliqlar orqali moliyalashtirish tizimning barqarorligini ta’minlaydi, kafolatlangan paket orqali aholiga aniq va ishonchli yo‘nalish beriladi, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi vazifalar taqsimoti tibbiyotda samaradorlikka xizmat qiladi.