Телефон доверия:
(+998 71) 241 02 39
Электронная почта:
info@tibbiysugurta.uz

4 fevral — Xalqaro saraton kasalliklariga qarshi kurash kuni

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > 4 fevral — Xalqaro saraton kasalliklariga qarshi kurash kuni
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > 4 fevral — Xalqaro saraton kasalliklariga qarshi kurash kuni

4 fevral — Xalqaro saraton kasalliklariga qarshi kurash kuni

Har yili 4 fevral butun dunyo bo‘ylab Xalqaro saraton kasalliklariga qarshi kurash kuni sifatida e’tirof etiladi. Ushbu sana aholi o‘rtasida saraton kasalligi haqida xabardorlikni oshirish, uning oldini olish choralarini targ‘ib etish hamda kasallikni erta aniqlash va samarali davolashning ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishni maqsad qiladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda dunyo bo‘yicha 20 milliondan ortiq yangi saraton holatlari qayd etilgan, shuningdek, 9,7 milliondan ziyod inson ushbu kasallik sababli vafot etgan. Bu saratonni global miqyosda o‘lim sabablari orasida eng xavfli kasalliklardan biri ekanini ko‘rsatadi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, saratonning eng ko‘p uchraydigan turlari qatoriga ko‘krak bezi saratoni, o‘pka saratoni, buyrak va prostata saratoni kiradi.

O‘zbekistonda ham onkologiya xizmatlarini rivojlantirish, kasallikni erta aniqlash va aholi uchun davolash xizmatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda 100 ming nafardan ortiq fuqaro saraton kasalligi bilan ro‘yxatga olingan, har yili esa 20 mingga yaqin yangi holatlar aniqlanadi. Afsuski, ko‘p hollarda kasallik kech bosqichlarda aniqlanib, davolash jarayonini murakkablashtiradi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ham tegishli yo‘nalishlarda onkologik kasalligiga chalingan bemorlarga ko‘mak berib kelmoqda. Xususan,2025 yilda respublika miqyosidagi tibbiyot tashkilotlarida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar asosida: 13 077 nafar imtiyozli toifadagi shaxslar onkologik kasalligi bilan davolangan bo‘lib, Jamg‘arma tomonidan 104 mlrd 185 mln 435 ming 529 so‘m mablag‘ qoplab berilgan. Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 10 266 nafar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar onkologik kasalligi bilan davolangan. Jamg‘arma tomonidan ularning davolanish xarajatlari uchun 67 mlrd 676 mln 204 ming 538 so‘m mablag‘ to‘lab berilgan. Jumladan: Ko‘krak bezi saratoniga chalingan 2 483 nafar bemorga 10 mlrd 834 mln 986 ming 055 so‘m, Bachadon saratoni bilan kasallangan 369 nafar bemorga esa 2 mlrd 992 mln 219 ming 713 so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.