Uchquduq tumanidan 250 kilometr uzoqda, cheksiz qumlar bag’rida joylashgan Avangard qishlog‘iga yetib borish oson emas. Qumli yo‘llar, issiq shamol va sahroning toliqtiruvchi manzaralari har kimdan sabr talab qiladi.
Ko‘kayoz mahallasi ahli uchun tibbiy yordamga yetishish katta tashvish. Negaki, og‘ir ahvolga tushib qolgan bemorni yoki dard tutgan ayolni 200-250 kilometr uzoqlikdagi markazga olib borish oson emas. Qishloqda dorixona bo‘lmagani uchun qariyalar zarur dorilarni topish uchun qo‘shni qishloqlarga borib kelishi ham katta mashaqqat.
Bugun 15 xonadondan iborat qishloqda yashayotgan 70 nafar aholi bilan uchrashish uchun Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining Navoiy viloyat bo‘linmasi rahbari O.Norqulov va Uchquduq tuman tibbiyot birlashmasi rahbari M.Norqulov keldi.
Qishloq ahli 2023 yildan buyon ham oilaviy shifokor, ham kichik shifoxona rahbari bo‘lib ishlab kelayotgan Rajabov G‘ayratni yaxshi taniydi. Kelgan mehmonlar sharofatidan qishloqqa hamshira ham keldi. Bu esa qishloq ahli uchun yana bir quvonchli voqea bo‘ladi.
Oshxona emas, maktab emas, aynan qishloqning kichik shifoxonasi odamlar bilan to‘ldi. Har kimning o‘z dardi, o‘z savoli bor edi.
— “Ota-onam qari. Ular uchun bepul dori-darmon bormi?” — dedi qo‘lida chaqaloq ko‘targan Nurjamol.
— “Kafolatlangan paket degani nima? Biz undan qanday foydalanamiz?” — deb so‘radi Sanagul opa.
— “Davlat tibbiy sug‘urtasi haqida ko‘p eshitayapmiz, u bizga qanday yordam berishi mumkin?” — deb qiziqdi Bahrom ota.
— “Ancha yildan buyon diabetdan aziyat chekaman. Dorilar qimmat, har oyda sotib olish qiyin. Davlat yordam berishi mumkinmi?” — dedi Alisher aka.
Bu savollarga sodda va hayotiy misollar bilan javoblar berildi. Davlat tibbiy sug‘urtasi orqali aholi kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmatlar olishi, uzoq muddatli davolanish talab qiladigan kasalliklar uchun zarur dori vositalari esa reimbursatsiya dasturi asosida bepul taqdim etilishi tushuntirildi.
Aholi javoblarni diqqat bilan tingladi. Qishloq ahlining ko‘zlarida ishonch nurlari paydo bo‘ldi. Chunki, bu gaplar ularning hayotini yengillashtirishi mumkin bo‘lgan amaliy choralar edi. Sug‘urta tizimi ular uchun nafaqat tibbiy yordam, balki davlat g‘amxo‘rligi, kelajakka ishonch, hayotga yangi qarash ham bo‘ldi.
Reimbursatsiya dasturi orqali ayrim toifadagi bemorlarga bepul dori vositalari taqdim etilishi qishloq odamlari uchun katta yangilik bo‘ldi.
— “Endi yo‘lga chiqib, Navoiyga yoki Uchquduqqa borib ovora bo‘lmaymiz. Shu yerning o‘zida dori-darmon olish mumkin ekan”, — dedi quvonchdan ko‘zlari porlagan Nodira opa.
Uchrashuv yakunida nuroniy otaxon qo‘llarini duoga ochib shunday dedi:
— “Biz yo‘l azobidan qo‘rqardik. Ko‘pincha og‘riqqa sabr qilib, shifokorga ham borolmay qolardik. Lekin endi ko‘nglimiz xotirjam. Davlat bizni unutmabdi ekan”.
Avangard qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan uchrashuv shuni ko‘rsatdiki, davlat tibbiy sug‘urtasi nafaqat tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, balki odamlar hayotida umid va ishonch uyg‘otishda ham muhim ahamiyatga ega.
Avangard ahli uchun bugungi tashrif oddiy uchrashuv emas, balki yillar davomida yetishmagan imkoniyat eshigini ochgan umid kuni bo‘lib qoldi.